Kompyuter lingvistikasi: Muammolar, yechimlar, istiqbollari
Hisoblash lingvistikasi fanining asosiy maqsadi — tilshunoslik masalalarini hal qilishga mo‘ljallangan kompyuter dasturlarini yaratishdir.
Hisoblash lingvistikasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat: tillarni o‘qitish, bilim darajasini tekshirish, matnlarni tahrirlash hamda mashina tarjimasi dasturlarini ishlab chiqish.
XX asrning 50-yillaridan boshlab lingvistika sohasida “mashina tarjimasi” va “mashina lingvistikasi” atamalari qo‘llanila boshlandi. Bu esa o‘sha asrning buyuk ixtirosi bo‘lgan hisoblash texnologiyalari lingvistika sohasiga ham kirib kelganining isboti edi. Mashina tarjimasi yoki avtomatik tarjima – matnni bir tildan ikkinchi tilga kompyuter dasturlari yoki elektron lug‘atlar yordamida tezkor tarzda tarjima qilishni anglatadi. Mashina tarjimasining asoschilari muhandislar va matematiklar bo‘lib, keyinchalik lingvistlar ham ushbu sohada faol ishtirok eta boshladilar. Shunday qilib, mashina tarjimasi g‘oyalari butun dunyo bo‘ylab nazariy va amaliy lingvistika rivojiga muhim ta’sir ko‘rsatdi.
Formal grammatika nazariyasining paydo bo‘lishidan so‘ng, asosiy e’tibor tilning modeli va uning aniq jihatlarini yaratishga qaratildi. Tilning ushbu jihatlari matematik lingvistika fani doirasida rivojlantirildi va bu esa o‘z navbatida hisoblash lingvistikasining shakllanishi uchun asos bo‘lib xizmat qildi. Shu zamin asosida lingvistikaning yangi yo‘nalishi — kompyuter lingvistikasi, shuningdek lingvistikaning bir qator nazariy va amaliy tarmoqlari vujudga keldi.
Hisoblash lingvistikasining asosiy vazifalariga quyidagilar kiradi:
a) til o‘qitish;
b) bilimni tekshirish;
c) matnlarni turli usullarda avtomatik tahrirlash;
g) mashina tarjimasi uchun dasturiy ta’minot yaratish;
d) lug‘atlar va matnlarning kompyuterda statistik tahlili.
Bu yo‘nalishlar hisoblash lingvistikasi fanining aniq tadqiqot sohalaridir.
Chet elda va Rossiyada hisoblash lingvistikasi bo‘yicha tadqiqotlar ko‘lami kengdir. Bugungi kunda O‘zbekistonda ham kompyuter lingvistikasi rivojlanib, ko‘plab ilovalar, mobil ilovalar, lingvodidaktik platformalar, tarjimonlar uchun elektron lug‘atlar, eng muhimi esa milliy korpus va uning ichki korpuslari yaratilmoqda.
📅 2024-01-01 — 2024-12-31
Nashriyot: Navoiy davlat universiteti